22 ноября, 2026

Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida Surxondaryo viloyatida ham ezgu ishlar davom etmoqda.

Viloyat onkologiya dispanserida davolanayotgan, endigina 15 yoshni qarshilagan Munisa Shodiqulova ham ana shunday e’tiborga muhtoj edi. Unga osteosarkoma — suyak saratoni tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, bir necha oydan buyon shifoxonada davolanmoqda. Moddiy imkoniyat cheklangani sababli zarur operatsiya ortga surilib kelayotgan edi. Qurbon hayiti arafasida esa Munisa uchun bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi belgilandi. Bu xabar yosh qiz va uning yaqinlariga yana yashashga bo‘lgan ishonchni qaytardi.

Shu kabi quvonch Termiz shahar “Jayxun” mahallasida yashovchi Nozanin Ismatillayevaning xonadoniga ham kirib bordi. Yurak porogi tufayli yillardan buyon davolanishda bo‘lgan Nozaninning muhim operatsiyasi ham turli sabablar bilan kechikib kelayotgan edi. Endilikda unga operatsiya va davolanish xarajatlari uchun vaucher taqdim etildi. Bu esa uning sog‘lom hayot sari tashlagan eng muhim qadamlardan biriga aylandi.

Malika Xaqnazarovaning dardi ham boshqalarnikidan kam emas edi. Bolaligida kuchli shamollash oqibatida nafas yo‘llari yallig‘lanib, burnida murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurati tug‘ilgandi. Yillar davomida uni qiynab kelgan bu muammo ham endilikda davlat ko‘magida bartaraf etiladigan bo‘ldi. Bugun Munisa, Nozanin va Malika uchun Qurbon hayiti shunchaki bayram emas — bu mehr, e’tibor va yangi umid ayyomiga aylandi. Chunki inson qadri ulug‘langan yurtda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *