

Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i K.M. Abdivoxidov Angor tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib, muassasada davolanayotgan bemorlarning holidan xabar oldi.
Tashrif davomida tibbiyot birlashmasining reanimatsiya, shoshilinch qabul va boshqa muhim bo‘limlaridagi faoliyat bilan yaqindan tanishildi. Mazkur bo‘limlarda davolanayotgan bemorlar ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning sog‘lig‘i, davolanish jarayoni hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati o‘rganildi.
Bemorlar bilan suhbat davomida ularning murojaat va ehtiyojlari tinglandi. Shuningdek, davolash jarayonida zarur dori-darmonlar, tibbiy muolajalar va mutaxassislar ko‘magining o‘z vaqtida ta’minlanishi yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tashrif chog‘ida bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirish, og‘ir ahvoldagi bemorlarni doimiy tibbiy nazoratda ushlab turish, shoshilinch holatlarda tezkor va malakali yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bemorlarni davolash choralarini yanada kuchaytirish, zarur tibbiy yordamni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatish, bemorlar uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, shuningdek, ehtiyojga qarab tegishli tor soha mutaxassislarini jalb etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati

