
Aziz surxondaryoliklar! Qadrli shifokorlar va hamshiralar!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning ildiziga barham berish va jamiyatda halollik muhitini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Inson salomatligi — har qanday jamiyatning eng oliy boyligi, tibbiyot xodimi esa shu boylikning posbonidir. Biz tanlagan muqaddas kasb nafaqat chuqur bilimni, balki yuksak ma’naviy poklikni va vijdon amri bilan ishlashni talab etadi.
Afsuski, bugungi islohotlar shiddatiga qaramay, oramizda o‘z manfaati va nafsini xalq roziligidan ustun qo‘yuvchi, tizimga dog‘ tushiruvchi «nopok niyatli» shaxslar hali ham uchrab turibdi. Shuni qat’iyat bilan ta’kidlaymanki: Sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiyaga, ta’magirlik va byurokratiyaga mutlaqo o‘rin yo‘q!
❗️Tizim xodimlariga murojaatim:
Oq xalat — bu poklik timsolidir. Birgina nojo‘ya qadam, kichik bir ta’magirlik yillar davomida orttirilgan obro‘ga va minglab hamkasblarimizning fidokorona mehnatiga soya soladi. Halol mehnat va xalq duosi — biz uchun eng katta mukofot bo‘lishi shart.
❗️Voha aholisiga murojaatim:
Tibbiyot maskanlari sizga xizmat qilish uchun tashkil etilgan. Davlatimiz tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar va yaratilayotgan sharoitlar har bir fuqaroning haqidir. Hech kimning bu haqni o‘zlashtirishga yoki sizdan noqonuniy narsa talab qilishga haqqi yo‘q.
Biz viloyatda sog‘liqni saqlash sohasini korrupsiyadan xoli hududga aylantirishga ahd qilganmiz. Buning uchun bizga sizning ko‘magingiz va befarq bo‘lmagan munosabatingiz kerak. Agar siz:
✅ Dori-darmonlar uchun ortiqcha to‘lov;
✅ Tibbiy ko‘rik yoki muolajalar uchun «haq» talab qilish;
✅ Navbat kutishdagi adolatsizliklar;
✅ Yoki boshqa turdagi suiiste’molchiliklarga duch kelsangiz, jim turmang!
Biz sizlar bilan doimiy muloqotdamiz:
Sizning har bir xabaringiz shaxsan men tomonimdan o‘rganiladi va murojaatchining maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi. Buning uchun quyidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa tizimlaridan foydalanishingizni so‘rayman:
📞 To‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa (Ishonch telefoni): (76) 227-28-03 yoki vazirlikning 1203, Sog’liqni saqlash boshqarmasining 1103 telefon raqamlariga murojaat qilishlaringiz mumkin.
🌐 Anti-korrupsiya Telegram boti:
http://t.me/ssvantikor_bot
✅ Ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalarimiz: https://t.me/surxondaryovssb
✅ Boshqarma manzili: Termiz shahri, Tarqqiyot ko‘chasi, 15-uy.
Yodda tuting, tibbiyotdagi shaffoflik va adolat — sog‘lom jamiyat poydevoridir.
Komil Abdivoxidov
Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i.