Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i K.M. Abdivoxidov tomonidan hududlarda aholi murojaatlarini bevosita o‘rganish va ularga amaliy yechim topish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullardan navbatdagisi joriy yilning 25-avgust kuni Jarqo‘rg‘on tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada tashkil etildi.


Sayyor qabul davomida 30 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Fuqarolarning murojaatlari mutasaddilar tomonidan atroflicha o‘rganilib, 20 dan ortiq masala joyida ijobiy hal etildi.
Shuningdek, tegishli tibbiy ko‘rsatmalarga ega bemorlarga respublika tibbiyot muassasalarida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun imtiyozli yo‘llanmalar rasmiylashtirildi. Yuqori texnologik operatsiyalarga ehtiyoji bo‘lgan bemorlarga esa bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish imkonini beruvchi vaucherlar taqdim etildi.

Aholiga tibbiy xizmatlarning manzilliligini ta’minlash maqsadida sayyor qabul doirasida tor soha mutaxassislari tomonidan poliklinikaning o‘zida tibbiy ko‘riklar ham tashkil etildi.
Bunday sayyor qabullar aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, murojaatlarni joyida o‘rganish hamda muammolarga tezkor va amaliy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.