22 ноября, 2026

Joriy yilning 8–9-iyun kunlari Surxondaryo viloyati hokimligi, Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo filiali hamkorligida sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruvni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan “XXI asr tibbiyot boshqaruvida menejment: sifat, andozalar, bemor” mavzusida ikki kunlik xalqaro seminar-trening tashkil etildi.

Mazkur seminar-trening sog‘liqni saqlash muassasalarida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, bemorlarga yo‘naltirilgan tizimni shakllantirish hamda xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlandi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimligi mutasaddilari, viloyatdagi profilaktika muassasalari rahbarlari, shuningdek, shahar va tuman tibbiyot birlashmalarining 40 dan ortiq rahbar xodimlari ishtirok etdilar.

Seminarning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Komil Murtazayevich Abdivoxidov so‘zga chiqib, bugungi kunda tibbiyot tizimida samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam darajasini yanada yuksaltirish muhim vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi.

Xalqaro seminar-trening tajribali moderatorlar — Radomir Boshkovich (Serbiya, BAA) hamda Yevgeniy Knyazev (Rossiya Federatsiyasi, BAA) tomonidan olib borildi. Treninglar davomida sog‘liqni saqlash muassasalarida strategik boshqaruv, tibbiy xizmatlar sifatini nazorat qilish, xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritish, jamoa bilan ishlash, liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda bemorlar qoniqishini oshirishga qaratilgan zamonaviy usullar yuzasidan ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Seminar ishtirokchilari xalqaro ekspertlar bilan o‘zaro tajriba almashib, sog‘liqni saqlash tizimida menejmentning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mazkur xalqaro seminar-trening viloyat tibbiyot muassasalari rahbarlarining boshqaruv salohiyatini oshirish, sohada ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *